четверг, 22 августа 2013 г.

Hosil terayotgan bog'bonlar


San’at mashaqqatli soha. Unda nom qozonish esa undan-da mashaqqatli. Kino olamida      “O’yin” filmida G’ofur obrazidagi, “Fotima va Zuxra”, “Armon”, “Temir erkak”, “Baxt uchun million”, “Jodugar”, “Tashlandiq”, “Feride” va “Sardor” teleserialida suratga tushgan artist, “Katta oyi” kinokartinasiga rejissorlik qilgan taniqli aktyor, dramaturg va hozirgi kunda Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o’rinbosari Fotih Jalolovning ota-onasi “Bo’ston” sanatoriyasida dam olayotgan ekan.


Bizga ma’lum xabarlarga qaraganda, aktyor Fotih Jalolov “Sardor” teleserialining Chirchiqda suratga olish jarayonida aynan ushbu sog’lomlashtirish maskanida dam olganlar. Shu sababdan, ikki yildan buyon ota-onalarini “Bo’ston” sanatoriyasiga yiliga ikki marta yuborib turar ekan. Biz bu insonlar bilan xalqimizning suyukli aktyori haqida va ularning hayot yo’llaridagi mashaqqatlari-yu, shodliklari haqida suhbatlashdik. Eng asosiysi esa Hamidjon ota va Muhibaxon ayadan farzandlarni omadli, baxtli qilish sirlari haqida qimmatli hayot saboqlariga oshno bo’ldik.
      Oilangizda farzandlaringizning kasb tanlashlarida nima muhim rol o’ynagan? Ularning qiziqishlarimi yoki sizlarning istagingizmi?
     Har bir odam o’z iqtidoridan kelib chiqqan holda kasb tanlashi lozim. To’rtta farzandim (bir qiz, uch o’g’il) ham o’zlari xohlagan kasbni tanlagan, — deya gapini davom ettiradi Hamid Jalolov.
      Chunki, men ham, rafiqam ham pedagogmiz. Shu sababdan ularning kasb tanlashlariga qarshilik qilmaganmiz. Masalan, katta qizim Mohida bolaligidan shifokor bo’lishni istardi. Bugungi kunga kelib bosh shifokor darajasiga yetdi. To’ng’ich o’glim Farrux iqtisodchi bo’lib yetishdi. Ukasi Fotih esa dramaturgiyani ma’qul ko’rdi. O’qishga topshirish vaqti kelganida, yonimizga kelib  San’at va rassomchilik institutiga kirish niyati borligini aytgandi. Bunga qarshilik qilmadik. O’qishni muvaffaqiyatli tamomladi. Institutda ustozlari Fotihjonni olib qolishdi. San’at institutidagi bir necha yillik faoliyatidan keyin teatrga o’tishga ahd qildi. Hozirda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist darajasiga erishdi. Kenjamiz Dilshod mening izimdan jurnalistika sohasini tanladi. Hozirda shu sohada tahsil olmoqda.
    Omadli farzand tarbiyalash formulasi qanday?
    Fotih juda sho’x yigit bo’lgan. Bolaligidan aktyorlik maharatini shakllantirib borgan. Omadli bo’lishida esa bizning xizmatimiz ham bor, lekin asosiy mehnat uning o’zidan. Chunki, yoshligidan tirishqoq, mehnatsevar bo’lmaganida bu darajaga erishmagan bo’lardi. Har doim unga tanlash imkoniyatini berib, unga ishonganimizdan faxrlanamiz. Menimcha yoshlarga erkinlik berib, ularga ishonch bildirish ularni omadli insonga aylanishida yordam beradi.
    Fotih akaning kino olamiga qiziqishiga kim sababchi bo’lgan?
    Uning teatr va san’atga qiziqishiga amakisi “Otalar so’zi” ko’rsatuvi boshlovchisi Mirsoat Sharipov sababchi bo’lgan deb o’ylayman. Chunki bolaligidan amakisining ko’rsatuvlarini yoqtirar, o’zi ham aktyor bo’lishga qiziqardi.
    Uzoq yillik hayot yo’lingizda eng yodda qolgan damlar…
    Bunday lahzalar har bir odam hayotida bo’lishi tabiiy. Masalan, inson umridagi eng qiziq va yodda qoladigani bu farzandlarimning dunyoga kelishidir. Qizim tug’ilgan kuni bizning raketalar birinchi marta oyga qo’ngan kun edi. Bu ham o’ziga xos xursandchilik bo’lgan. Shuning uchun farzandimizning ismini Mohida, ya’ni oyda deb qo’yganmiz. Bunday hurramlik damlariga misol qilib farzandlarimizning o’qishga kirganlarini, ishga joylashganlarini va elimizga munosib farzand bo’lib yetishganlarini aytsak bo’ladi.
    Pedogog sifatida bugungi yoshlar va avvalgi avlod o’rtasida yaqqol ko’zga ko’rinadigan farq nimada?
    Bugungi kun va bizning davr o’rtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Bugungi kun texnologiyalari haqida soatlab gapirsa bo’ladi. Bu bora yoshlarga havas bilan qarayman. Masalan, siz kabi yoshlarning insonlar bilan ortiqcha hayajonsiz erkin intervyu tayyorlashlaringizni ko’rib ham hayratlanaman, ham xursand bo’laman. Nima bo’lganda ham kelajakda sohangizning yetuk mutahasisi bo’lib yetishishingizga tilakdoshmiz. Ishlaringizga omad tilayman.

Samandar BOBORAJABOV
Mexriniso DAVRONOVA




Комментариев нет:

Отправить комментарий